Joriy yil 16-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Payariq tumanida ayol oʻzining 2 yoshli bemor bolasini shafqatsizlarcha kaltaklagani aks etgan videotasvir tarqalgan va jamoatchilik oʻrtasida keskin munozaralarga sabab boʻlgan edi.
Keyinroq mazkur holat nazoratga olingani va ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani maʼlum qilingan. Jinoyat ishlari boʻyicha Payariq tuman sudida mazkur jinoiy ish yuzasidan sud hukmi oʻqildi.
Unga koʻra, oʻz farzandini qiynagan ayolga oid jinoyat ishi koʻrib chiqilib, sudlanuvchiga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sud jarayonida ayol qilgan ishidan pushaymonligini maʼlum qilib, farzandining sogʻligʻidagi muammolar haqida toʻxtalgan.
“Boʻynini tutolmaydi, oʻtira olmaydi, ovqat yeya olmaydi”, – deydi ayol oʻz farzandi haqida. Shuningdek, sudda bolaning qonuniy vakili hisoblangan buvi kelinini onalik huquqidan mahrum qilib, nabirasini unga olib berishlarini soʻragan.
Eslatib oʻtamiz, mazkur holat Payariq tumani Boshqoʻrgʻon mahallasida yashab kelayotgan, 1988-yilda tavallud topgan, ruhiy sogʻlom, turmush oʻrtogʻi bilan yashab kelayotgan ayol tomonidan 2020-yilda tugʻilgan farzandini davolatish uchun shifoxonaga olib borganda, stress va asabiy holatda sodir etilgani aniqlangan.