Sud “Navoiyazot” shikoyatini rad etdi

    Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudining 2024-yil 23-iyuldagi hal qiluv qarori bilan “Navoiyazot” AJning Raqobat qoʻmitasi qarori ustidan qilgan shikoyati rad etildi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, “Navoiyazot” AJ tomonidan mazkur qaror va koʻrsatma ustidan Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudiga shikoyat qilingan boʻlib, mazkur qaror va koʻrsatmani haqiqiy emas deb topish soʻralgan.

    Ammo sud “Navoiyazot” shikoyatini rad etdi.

    Eslatib oʻtamiz: Avvalroq Raqobat qoʻmitasi tomonidan “Navoiyazot” AJga nisbatan mineral oʻgʻitlarni birja orqali realizatsiya qilishda manipulyatsiya holatlarini sodir etganligi boʻyicha ish qoʻzgʻatilib, Raqobat qonunchiligi talablari buzilgan deb topilganligi hamda qonun buzilish holatlarini bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatma berilganligi toʻgʻrisida xabar berilgan edi.