Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida yashovchi ayolning farzandi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmasdan emlangani, natijada ahvoli ogʻirlashib vafot etgani haqida xabarlar tarqalgach, Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni nazoratga olganligi, ushbu holatni oʻrganish maqsadida tezkor guruh tuzilib, Oʻrta Chirchiq tumaniga yuborilgani haqida xabar berilgan edi.
Tezkor guruh tarkibiga:
– Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti, professor A. Iskandarov;
– Saniratiya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmati immunoprofilaktika boʻlimi boshligʻi D. Tursunova;
– bosh infeksionist B. Tadjiyev;
– bosh toksikolog A. Stopniskiy;
– bosh terapevt U. Kamilova;
– bosh allergolog I. Razikova kabi mutaxassislar kiritilgan edi.
Mazkur oʻlim holati yuzasidan Nurafshon shahar prokuraturasi tomonidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi. Ushbu sud-tibbiy ekspertiza natijalari eʼlon qilindi.
— 1983-yil 18-iyunda tugʻilgan marhum S.Q. shu yilning 10-avgustida soat 11:00 larda “Tuyaboʻgʻiz” oilaviy shifokorlik punktida, oilaviy shifokor koʻrigidan oʻtkazilib, emlashga monelik qiluvchi holatlar aniqlanmagach, vaksinator hamshira tomonidan emlangan. Vaksina olgandan keyin 20 daqiqa davomida oilaviy shifokor kuzatuvida boʻlgan va aks taʼsirlar kuzatilmagach, uyiga ruxsat berilgan, — deydi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori, vazirlik bosh sud-tibbiy eksperti A. Iskandarov. — Ekspertizada marhum S.Q.ning tanasida jarohat izlari aniqlanmadi.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga koʻra, marhum S.Q.ning joriy yil 13-avgust, yaʼni u emlanganidan 3 kun oʻtib yuz bergan oʻlimi emlashdan soʻng uning sogʻligʻida sodir boʻlgan oʻzgarish va shifokorlar tomonidan tavsiya etilgan preparatlar bilan bogʻliq emasligi aniqlandi.
Vaholanki, emlashga eng asosiy monyeliklardan biri hisoblangan anafilaktik shok holati va boshqa salbiy taʼsirlar vaksina qilingandan keyin 30 daqiqa ichidagina roʻy berishi mumkin.
Shu bilan birga, kimyoviy moddalar bilan zaharlanish klinik belgilari ham kuzatilmagan.
Sud-tibbiy espertizaning yakuniy xulosasiga koʻra, marhum hayotligida oʻtkir zotiljam, bosh miya va miyachaning menigoensefaliti, epimiokardit kasalliklari bilan ogʻrigan boʻlib, bu xastaliklar uning oʻlimi bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliqlikka ega ekani aniqlandi.
Eslatib oʻtamiz, bugunga qadar Toshkent viloyatida 1 199 127 doza vaksina emlash jarayonlarida qoʻllanilgan. Emlangan bemorlar orasida vaksina taʼsirida birorta ham jiddiy salbiy taʼsirlar kuzatilmagan.