Va ularning barchasi bitta narsaga — sud xolis, halol va faqat qonunga bo'ysunadi degan ishonchga tayanadi. Aynan shu ishonch — sud hokimiyatining eng qimmatli kapitalidir. Uni yo'qotish bir lahzada, qaytarish esa yillar davomida mumkin.
Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tomonidan imzolangan "Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmon oddiy hujjat emas, balki sudya kasbining kelajagiga qaratilgan strategik qadamdir.
"Komplayens" — bu nima va nega kerak?
Bu so'z ko'pchilik uchun yangi tuyulishi mumkin. Aslida uning ma'nosi sodda: belgilangan qoidalar, qonunlar va kasb etikasiga muvofiq harakat qilish hamda bu muvofiqlikni tizimli ravishda nazorat qilib borish. Tibbiyotda kasallikni davolashdan ko'ra uning oldini olish afzal bo'lganidek, komplayens ham korrupsiyani jazolashdan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi sharoitlarni oldindan bartaraf etishdan boshlanadi.
Mana shu yondashuv Farmonning o'zagini tashkil etadi. Endi Oliy sud apparatida bevosita Oliy sud raisiga bo'ysunuvchi Komplayens nazorat xizmati tashkil etilmoqda. Qoraqalpog'iston, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida esa komplayens nazorat inspektorlari faoliyat yuritadi. Muhim jihat shundaki, bu xizmat sud apparati xodimlari — ya'ni sudyalik mantiyasini kiymagan, ammo sud jarayonining "ko'rinmas mexanizmini" harakatga keltiruvchi yuzlab kishilar faoliyatidagi xavf-xatarlarni aniqlashga qaratilgan.
Korrupsiya qayerda yashiringan?
Ko'pchilik korrupsiyani faqat sudyaning qaroriga ta'sir qilish deb tasavvur qiladi. Aslida xavf ancha kengroq. Ish qaysi sudyaga tushishi, hujjat qachon ko'rib chiqilishi, ariza qanday navbatda turishi — bularning har biri suiiste'mol uchun "bo'shliq" bo'lib qolishi mumkin.
Farmon aynan shu bo'shliqlarni yopishga qaratilgan. Sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturi yanada takomillashtiriladi: ishni bir sudyadan boshqasiga asossiz o'tkazish holatlari oldini olinadi, taqsimlash mezonlari tugal va shaffof bo'ladi. Xavf-xatari yuqori lavozimlar raqamlashtirilib, bu jarayonlarda inson omili — ya'ni shaxsiy manfaat aralashuvi imkoniyati — kamaytiriladi. Sud apparati xodimlari va ularning yaqinlarining daromadlari hamda mol-mulki deklaratsiya qilinadi, manfaatlar to'qnashuvi holatlari avtomatlashtirilgan tizim orqali kuzatiladi.
Xorijiy tajriba nima deydi?
Bu yo'nalishda Singapur davlati misoli o‘rinli. Bu davlat korrupsiyaga qarshi izchil kurash olib boradi va natijada 2024-yilgi Transparency International indeksida dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan uchinchi davlat hamda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida birinchi o'rinni egalladi. Singapur tajribasining siri nimada? Avvalo — mustaqil va xolis sud hokimiyatida. U yerda mustaqil sud siyosiy ta'sirdan himoyalangan bo'lib, qonun ustuvorligini shaffof va xolis amalga oshiradi, korrupsiyaga esa qattiq jazolar bilan javob beradi.
Yana bir muhim jihat — Singapur korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat jazoga, balki tizimli profilaktikaga tayanadi: muntazam lavozim rotatsiyasi, mol-mulk va moliyaviy holat haqidagi yillik deklaratsiyalar, ichki va tashqi auditlar. E'tibor bering — Farmonimizdagi deklaratsiya tizimi va monitoring mexanizmlari aynan shu mantiqqa hamohang.
Singapur tajribasidan yana bir saboq — kadrlarga munosib haq to'lash. Mamlakat asoschisi Li Kuan Yu davlat xizmatchilariga yaxshi maosh to'lash orqali pora olish vasvasasini kamaytirishga e'tibor qaratgan. Farmonimizda ham Komplayens xizmati xodimlariga qo'shimcha ustamalar to'lash, kadrlarni meritokratiya — ya'ni shaxsiy salohiyat va halollikni adolatli baholash asosida tanlash nazarda tutilgani bejiz emas.
Uchinchi muhim havola — xalqaro standart. Farmonda Odil sudlov akademiyasini ISO 37001 standarti bo'yicha auditdan o'tkazish belgilangan. Bu — korrupsiyaga qarshi menejmentning xalqaro tan olingan tizimi. ISO 37001 tashkilotda poraxo'rlikni aniqlash, boshqarish va oldini olish jarayonlarini o'rnatishga yordam beradi. Soddaroq aytganda, bu standart "biz korrupsiyaga qarshi haqiqatan ham tizimli ishlayapmiz" degan da'voni mavhum so'z emas, balki tashqi mustaqil ekspertlar tasdiqlagan obyektiv fakt darajasiga ko'taradi. Bunday standartni nafaqat kompaniyalar, balki sudlar uchun ham tashkilot poraxo'rlik oldini olish bo'yicha asosli choralar ko'rganligining ishonchli dalili sifatida qabul qilinishi — uning qadrini yanada oshiradi.
Bu islohot bizga nima beradi?
Avvalo — sud apparatiga ishga qabul qilishda shaffoflik. Farmonga ko'ra "vacancy.sud.uz" portali va "SudHR" elektron platformasi ishga tushiriladi. Endi bo'sh ish o'rinlari ochiq e'lon qilinadi, nomzodlar ochiq tanlov asosida, ularning kasbiy va ma'naviy-axloqiy fazilatlari haqqoniy baholangan holda saralanadi. Korrupsiyaga oid jinoyat sodir etganlar yoki boshqa organlardan nojo'ya xatti-harakatlar uchun bo'shatilganlarga sud tizimiga yo'l yopiladi.
Ikkinchidan — sudyalar va xodimlar uchun uzluksiz ta'lim. Odil sudlov akademiyasida "real keyslar"ga asoslangan amaliy modullar joriy etiladi, har uch yilda malaka oshiriladi. Bu shunchaki ma'ruza emas — bu korrupsiyaga murosasiz munosabatni har bir xodim ongiga singdirishdir.
Uchinchidan — va eng muhimi — fuqaroning ishonchi. Pora taklif qilingani haqida xabar bergan xodimlar himoya qilinadi va rag'batlantiriladi, fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallari ochiladi. Bu — "biz yashirmaymiz, biz ochiqmiz" degan tamoyilning amaldagi ifodasi.
Hulosa
Sudya sifatida shuni aytishni istardim: hech qanday qonun yoki tizim sudyaning vijdonini almashtira olmaydi. Ammo yaxshi tizim halol sudyaga ishlash uchun toza muhit yaratadi, vasvasaga yo'l qo'ymaydi va adolatga xizmat qilishni osonlashtiradi. Aynan shuning uchun bu Farmonni men kasbdoshlarim bilan birga to'siq emas, balki ittifoqdosh sifatida qabul qilaman.
Sud — bu davlat va fuqaro o'rtasidagi adolat ko'prigi. Bu ko'prik qanchalik mustahkam va shaffof bo'lsa, jamiyatimiz shunchalik ishonchli poydevorda turadi. Bugun biz quryotgan komplayens tizimi — aynan shu poydevorni mustahkamlash sari qo'yilgan dadil qadamdir.
Sardor To‘lqinov,
Tohskent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi