Sudanda BMT gumanitar karvoniga qilingan hujum oqibatida 5 kishi halok bo'ldi

    Darfur shimolidagi El-Fasher yaqinidagi Kum hududida gumanitar yordam karvoniga uyushtirilgan hujum oqibatida BMTning besh nafar xodimi halok bo'ldi.

    Bu haqda Bosh kotibning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik kundalik brifingda ma'lum qildi.

    Unga ko'ra, halok bo'lganlar Sudan fuqarolari bo'lgan. Yana bir necha kishi jarohat olgan. Karvon 15 yuk mashinasidan iborat bo'lib, Port-Sudandan to'qnashuv va ocharchilik hukm surayotgan El-Fasherga gumanitar yordam yetkazayotgan edi.

    Dyujarrikning aytishicha, dron tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilingan hujumda bir nechta avtomobil yoqib yuborilgan va yo'q qilingan.

    “Biz tirik qolish yoqasida turgan bolalar va oilalarga o'z hayotlarini xavf ostiga qo'ygan gumanitar xodimlarga qilingan bu dahshatli hujumni keskin qoralaymiz”, dedi u.

    Hujum ortida kim turgani hali aniqlanmagan. BMT zudlik bilan tergov o'tkazishga, aybdorlarni javobgarlikka tortishga va Sudanda ham, dunyoning barcha muhtoj mintaqalarida ham gumanitar missiyalariga qarshi zo'ravonlikni to'xtatishga chaqiradi, deb xabar beradi aa.com.tr.