Muammo shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksida bunday iltimosnomani rad etish uchun aniq asoslar belgilangan emas. Shu sababli yuqori sud instansiyalari ko‘p hollarda ijroni to‘xtatib qo‘yish haqida qaror chiqaradi.
Natijada esa sudda haq-ligini isbotlagan tadbirkor o‘ziga tegishli mablag‘ni vaqtida undirolmaydi. Bu esa uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, moliyaviy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.
Ayni paytda mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Unga ko‘ra, endilikda yuqori instansiya sudi shikoyat berilgani uchungina quyi sud hujjati ijrosini to‘xtatib qo‘ya olmaydi.
Buning uchun ariza beruvchi, agar ijro to‘xtatilmasa, keyinchalik sud hujjatini qayta ijro qilish qiyin yoki imkonsiz bo‘lib qolishini aniq dalillar bilan asoslab berishi talab etiladi. Aks holda sud qarori ijro etilishi davom etadi.
Qayd etilishicha, mazkur o‘zgarishlar sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlash, shuningdek, halol tadbirkorlarni sun’iy kechikishlardan himoya qilishga xizmat qiladi.