Sudgacha sanatsiya qilish jarayonida davlat tomonidan yordam koʻrsatiladi

    Vazirlar Mahkamasining “Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Nizom talablari qishloq xoʻjaligi korxonalarini sudgacha sanatsiya qilishga tatbiq etilmaydi.

    Quyidagilar birinchi navbatda sudgacha sanatsiya qilinadigan korxonalar hisoblanadi:

    • hayotiy muhim oziq-ovqat va nooziq-ovqat xalq isteʼmoli mollari hamda dori-darmonlar ishlab chiqaruvchi korxonalar;
    • davlat mudofaasi va xavfsizligi saqlab turilishini taʼminlovchi korxonalar;
    • respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim oʻrin egallagan bazaviy tarmoq (kon qazish, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoq) korxonalari;
    • raqobatbardosh, eksportbop va import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar;
    • zamonaviy, yuqori unumli texnika ishlab chiqarishni va iqtisodiyot sohasiga yangi, progressiv, resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni taʼminlaydigan korxonalar;
    • shaharni tashkil etuvchi va unga tenglashtirilgan korxonalar.

    Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam koʻrsatgan holda oʻtkazish jarayoni quyidagi asosiy chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi:

    • korxonaning toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarini toʻliq yoki qisman boshqa korxonalar yoki shaxslar, shu jumladan, korxonaning kreditorlari tomonidan sotib olish;
    • ishlab chiqarishni raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish;
    • chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
    • xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
    • qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishi hamda faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatish;
    • qarzdorning faoliyatini davom ettirishi uchun kreditorlarga toʻlanadigan toʻlovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni boʻlib-boʻlib toʻlash yoxud qarzlardan chegirma berish toʻgʻrisida qarzdor va kreditorlar oʻrtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitim;
    • soliqlar hamda yigʻimlarni toʻlashni va kreditlarni qaytarishni sudgacha sanatsiya qilish muddatiga kechiktirish;
    • qarzdor yuridik shaxsni qayta tashkil etish.

    Davlat yordamini olish uchun tashkilot davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali murojaat etishi lozim.