Dastlab Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmonov va Namangan viloyat ma'muriy sudi raisi Zarifaxon Qurbonovaning ma'ruzalari tinglandi. Joriy yil 16-yanvar kuni Prezident qabul qilgan “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” hamda “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmonlar mazmun-mohiyati qatnashchilarga qisqacha tushuntirildi.
Mazkur ikki hujjat orqali aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlari yanada kengaytirilishi, 2023-2026-yillarda sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarilishi ta'kidlandi.
So'ngra viloyat sudlari raislari va o'rinbosarlari, jurnalist-blogerlar ishtirokida 2022-yil yakunlari bo'yicha mas'ullar hisoboti eshitildi.
Uchrashuv davomida o'tgan yil mobaynida ko'rilgan jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy hamda ma'muriy ishlar tahlili, jinoyat ishlari bo'yicha sudlar chiqargan ayblov hukmlari, jazo amaliyoti, ishlarni yuqori instantsiyalarda ko'rilishi, oqlov hukmi, sudlanganlik holati, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar sharhi, huquqiy targ'ibot jarayonlari hamda sohaga oid boshqa ma'lumotlar haqidagi axborotlar ochiqlandi.
Birgina misol, viloyat sudlari tomonidan insonparvarlik tamoyili qo'llanishi natijasida bir yil ichida 16 nafar shaxs oqlangan. 601 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan. 1 ming 494 nafar yoki 30,5 foiz shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasiga muvofiq, engilroq turdagi jazo tayinlangan. 1 ming 418 nafar shaxs taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
Darhaqiqat, oshkoralik, shaffoflik, xolislik sud idoralari sa'y-harakatida juda muhim sanaladi.
Turli talqinlar, bahsli tafsilotlarga boy, qizg'in ruhda kechgan ochiq muloqotda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari o'zlarini qiziqtirgan savollarga aniq dalillar asosida batafsil javoblar olishdi.
Orifjon JO'RAEV,
“Yаngi O'zbekiston” muxbiri