Nafaqat hozirgi kunda balki azal-azaldan sud jarayonlarida adolat, odillikni taʼminlash muhim vazifa sanalgan boʻlib, hozirgi odil sudlovni taʼminlash borasidagi islohotlar bunday yondashuv oʻz aktualligini yoʻqotmaganidan dalolat beradi. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda sudlar chin maʼnoda adolat maskaniga aylanishi uchun sudʼyalarni mustaqilligini taʼminlash eng muhim vazifadir. Asosiy qonunimizning 122-moddasiga nazar tashlasak, sudyalar mustaqil ekanligi, faqat qonunga boʻysunishlari va faoliyatini faqat qonuniy tashkil etishlari, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi kabi muhim qoidalar mustahkamlab qoʻyilgan. Taʼkidlash lozimki, sud hokimiyatiga boshqa hech qaysi organ vakolatiga taalluqli boʻlmagan huquq - odil sudlovni amalga oshirish huquqi berilganligi sudʼyalar mustaqilligi hamda daxlsizligini taʼminlash oʻta zarur ekanligining tom maʼnodagi mustahkam asosidir. Bunday ulkan vazifa allaqachon yangi Oʻzbekiston oʻz oldiga qoʻygan maqsadlardan biri boʻlib, bu tizim faoliyatini adolatli tashkil etilishi yuzasidan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Xususan, “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni imzolaganligi ham fikrimizning yaqqol dalilidir. Mazkur Farmon orqali sud organlarining mustaqilligini hamda sudʼyalar daxlsizligini taʼminlashga, sud tizimini malakali va halol pok kadrlar bilan toʻldirishga, sud organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yana-da oshirishga, sud tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan davlatning muhim siyosati yoʻnalishlari, davlat organlari va masʼul shaxslarining bu boradagi vazifalari, yaqin kelajakda sud-huquq faoliyatini korrupsiyaviy noxush holatlardan mutlaqo xalos qilish kabi dasturiy ishlari aniq belgilab berildi.

Sudyalar mustaqilligini taʼminlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish boʻyicha kasbiy faoliyatini har qanday koʻrinishdagi tashqi omillardan muhofaza qilishni taʼminlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish, sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash va lavozimga tayinlash, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni taʼminlash, tizimdagi korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.

Bundan tashqari, 2021-yil 1-fevraldan boshlab sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash boʻyicha imtihon jarayonlarini internet orqali onlayn tarzda yoritib borishni yoʻlga qoʻyish, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dasturni joriy qilish, sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni amaliyotga tatbiq etish kabi dasturiy ishlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Taʼkidlash lozimki, bunday islohotlarni amalga oshirishdan va aniq vazifalarni belgilashdan koʻzda tutilgan asosiy maqsad sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashdir.

Shuningdek, Farmonda sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini ragʻbatlantirish masalalari ham nazarda tutilgan boʻlib, unga muvofiq “Ibratli sudya” mukofoti hamda odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” koʻkrak nishoni joriy etiladi. Oliy sud kengashi tomonidan bir oy muddat ichida bunday rahbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlanadi. Mukofotlashning bunday mexanizmi sud faoliyatida ochiqlik va shaffoflik qaror topishida dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, malakali kadrlarni tanlash, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish boʻyicha izchil ishlarning samarasini hayotimizning turli jabhalarida koʻrish mumkin. Biroq hali-xanuz bu tizimni mutlaq shaffof, korrupsiyaviy harakatlardan holi deb aytishda ikkilanamiz. Shunday ekan, qabul qilingan mazkur Farmon sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur oʻrganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish kabi aniq maqsad va vazifalarni belgilab beradi. Bu esa oʻz navbatida sudʼyalarning mustaqilligini va ularning daxsizligini taʼminlash bilan odil va shaffof sud-huquq tizimini shakllantirishga tashlangan muhim qadam sifatida eʼtirof etiladi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Zero, sudlarning adolat maskaniga aylanishi jamiyat hayotida, fuqarolarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirishda, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti

Ixtisoslashtirilgan filiali

oʻqituvchisi Poʻlat.Qobilov rahbarligida

 

Toshkent davlat yuridik universiteti

Ixtisoslashtirilgan filiali

2- bosqich talabasi Sabina Baratovaning

mualliflik maqolasi