Sudlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi

    Sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–140-son, 21.08.2025-y.) da bu haqda gap boradi.

    Farmonga koʻra, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklga oʻtkazish;
    • sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish;
    • Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
    • sudlar faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha “Kiber huquq” yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish.

    “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:

    • sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;
    • murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
    • sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.