Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–140-son, 21.08.2025-y.) da bu haqda gap boradi.

Farmonga koʻra, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

  • sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklga oʻtkazish;
  • sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish;
  • Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
  • sudlar faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha “Kiber huquq” yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish.

“Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:

  • sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;
  • murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;
  • sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.