Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida alohida ekologik qimmatga ega boʻlgan tabiiy obyektlar va majmualarni, hayvonlarning noyob turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida umumiy maydoni 280 507 gektar boʻlgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etildi.
Buyurtma qoʻriqxonasining asosiy maqsadi qirgʻoq landshaftlari, kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida boʻlgan baliqlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlarni saqlab qolish hamda ularni qayta koʻpaytirishdan iborat.
Davlat ekologiya qoʻmitasiga 2021-yil yakuniga qadar Sudoche koʻlini xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvli-botqoq joylar roʻyxatiga kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.
Maʼlumot uchun: Hozirda 6 ta davlat qoʻriqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonasi, 6 ta tabiat bogʻi, 1 ta milliy bogʻ, 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qoʻriqxonasi, 1 ta Jayron maxsus pitomnigi mavjud. “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etilishi natijasida Ularning umumiy maydoni 3,521 million gektardan 3,801 million gektarga yoki mamlakatimiz hududining 7,84 % dan 8,46 % ga koʻpaydi, deb deb xabar beradi Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati.