Sudxoʻrlik ortidan birovning mulkini garov sifatida oʻziniki qilib olgan shaxslar qoʻlga olindi

    Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi gumondorlardan jabr koʻrganlarni hamkorlik qilishga chorladi. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida aniqlanishicha, 1989-yilda tugʻilgan R.S., 1990-yilda tugʻilgan Yu.B. va 1993-yilda tugʻilgan X.T. bir qator jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati xabar berdi.

    Ushbu shaxslar fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida boʻlgan turar-joy va boshqa koʻchmas mulklarini garov evaziga oʻzining nomiga rasmiylashtirib olgan. Fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va mulkini tortib olish bilan shugʻullanib kelgan. Garovga qoʻyilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablagʻidan 3-4 barobar koʻp boʻlgan.

    Fuqaro bilan qarz yoki oldi-sotdi shartnomasi tuzilganidan soʻng ular kelishilgan summadan kam miqdorda pul berishgan. Fuqaro ulardan 100 000 AQSH dollarini foiz evaziga soʻrasa, oldi-sotdi yoki qarz shartnomasi rasmiylashtirib boʻlganidan soʻng 65 000-70 000 AQSH dollari atrofida pullarni berib, qolgan pullarni maklerlik xizmati, boshqa xarajatlar uchun olib qolganligi haqida va keyinchalik foiz toʻlovlarni kamaytirib berishi hamda toʻlovlar kechiksa bezovta qilmasligi haqida aytib aldagan.

    Tergov jarayonida 1989-yilda tugʻilgan R.S., Yu.B. va 1993-yilda tugʻilgan X.T.lar jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.

    “Agar siz ushbu shaxslardan jabr koʻrgan boʻlsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari boʻyicha biror maʼlumotga ega boʻlsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-40-97 yoki 102 raqamlariga yoxud 90-976-28-21 telegram raqamiga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi” - deyiladi xabarda.