Farmonga koʻra, 2021-yil 1-fevraldan sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Sudyalar oliy kengashi (Kengash) va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash borasida:

- ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash boʻyicha imtihon jarayonlari Internet tarmogʻi (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borish yoʻlga qoʻyiladi;

- sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha kasbga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dastur (“psixologik test”) ishlab chiqiladi;

- sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlar amaliyotga (reyting dasturi) tatbiq etiladi.

Farmonga koʻra:

- Prezident tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan, faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradigan Kengash raisining oʻrinbosari lavozimi joriy qilinadi;

- Sudyalar daxlsizligini taʼminlash boʻyicha sud inspeksiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi tuziladi;

- Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini ragʻbatlantirishni yoʻlga qoʻyish, “Ibratli sudya” mukofoti, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” koʻkrak nishoni joriy etiladi.

Kengash huzurida amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllash boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarini muayyan vaziyatlarda qoʻllanilishi yuzasidan soʻrovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega boʻlgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubi tashkil etiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.