O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz odil sudlovi tarixida ilk bor tashkil etilgan yagona tuzilma. Kuni kecha Sud`yalar oliy maktabining 2021-2022 o'quv yilida sud`yalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilariga tantanali diplom topshirish marosimi bo'lib o'tdi. 2021-2022 o'quv yilini jami 75 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli yakunladi. Sud`yalar oliy maktabi tashkil etilganidan buyon 132 nafar sud`yalikka nomzodlar magistratura kurslarida ta'lim olgan bo'lsa, ulardan 115 nafari (87 foiz) sud`yalik lavozimiga tayinlandi. Bugun esa yana 75 nafar bo'lajak sud`yalar ularning safiga qo'shilmoqda.
Bundan tashqari, Sud`yalar oliy maktabida ayni paytgacha 897 nafar sud`ya (mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan barcha sud`yalarning 87 foizi) hamda 461 nafar sud apparati xodimlarining malakasi oshirildi. SHuningdek, 100 ga yaqin xalqaro va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda sud`yalikka nomzodlar hamda sud`yalar uchun mahorat darslari va seminarlar tashkil etildi.
Odil sudlovning dolzarb masalalarini tadqiq qilish maqsadida 50 ga yaqin xalqaro va 10 dan ortiq respublika miqyosidagi turli tadbirlar o'tkazildi. Darslarning sifatini yanada yaxshilash maqsadida Oliy maktabning 30 yaqin xodimlari xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarida bilim va ko'nikmasini oshirgan holda tajriba almashib keldi. Ta'lim jarayoniga bevosita yuqori malakali sud`yalar, huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinmoqda. Tajriba almashish maqsadida xorijiy davlatlarning sud`yalarni tayyorlash bo'yicha maxsus ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalar o'rnatilgan. Misol uchun, xorij davlatlardagi Sud`yalar oliy kengashlari huzuridagi ta'lim muassasalari, xususan, Ispaniya Sud`yalar oliy maktabi, Bolgariya Sud`yalar milliy instituti, Ruminiya Milliy magistratura instituti, shu bilan birga mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan Frantsiya Milliy magistratura maktabi, Italiya Odil sudlov maktabi hamda Kanada Milliy sud`yalar instituti bilan hamkorlikda muntazam tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu o'rinda Sud`yalar oliy maktabida Inson huquqlari va xalqaro huquq kafedrasi tashkil etilganini alohida qayd etish lozim. Buning natijasida amaldagi va bo'lajak sud`yalar uchun yangi o'quv moduli, ya'ni inson huquqlari hamda xalqaro huquq normalarining qo'llanilishi bo'yicha o'quv mashg'ulotlari shakllantirildi.