Sudyalarga pensiya tayinlash tartibi oʻzgartirildi

    Xavfsizlik 25 Yanvar 2021 647

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sudyalar va ularning oila aʼzolari pensiya taʼminoti shartlari, meʼyorlari hamda tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi 783-son qarori qabul qilindi.

    Hujjatda belgilanishicha, Oliy sudi apparati rahbari, boshqarma boshliqlariga nisbatan Oliy sud sudyalari uchun belgilangan, Oliy sudning boshqaruv xodimlari tarkibiga kiritilgan boshqa xodimlariga nisbatan esa, viloyat sudlari sudyalari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.Bunda qayd etilgan shartlar faqat muqaddam sudyalik lavozimida ishlagan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi, ushbu shaxslarning shu lavozimlarda ishlagan vaqti sudyalik stajiga qoʻshilishi va pensiya tayinlashda hisobga olinishi belgilangan.

    Shuningdek, sudya lavozimidan boshqa ishga oʻtkazilgan shaxslar ushbu Nizomning 30-bandida nazarda tutilgan tartibda pensiya olish huquqiga ega.Nogironlik pensiyasini tayinlashda yoshga doir cheklovlar olib tashlandi. I yoki II guruh nogironligi boʻlgan 50 yoshdagi va undan oshgan shaxslar nogironlik yuzaga kelguniga qadar sudya sifatida 10 yillik ish staji mavjud boʻlganda, pensiya olish huquqiga ega boʻladilar (ilgari 60 yoshgacha edi).

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 1.01.2021-yildan kuchga kirdi.