Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan tashkil etilgan boʻlib, sudyalar va sud tizimi xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha yagona taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Sudyalar oliy maktabini tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad yangi jamiyatning strategik maqsadiga aylangan “adolatni qaror toptirish”ga qodir boʻlgan sudyalar korpusini shakllantirishga koʻmaklashishdir. Bugungi kunda Oliy maktabda uchta yoʻnalishda sudyalar va sudlar apparati xodimlari malakasini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Taʼlim jarayonida eskirgan oʻquv-uslubiy yondashuvdan voz kechilib, oʻquv jarayoni bilan huquqni qoʻllash amaliyotining uzviy bogʻliqligi taʼminlanib, eng muhimi tinglovchilarning qaror qabul qilishda ijodiy yondashuvi shakllanishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shuningdek, kasbiy bilimlarni chuqurlashtirish va sud maʼmuriyatchiligini yuritish koʻnikmalarini egallashga, ish va boshqaruvni tashkil etishning innovatsion shakl va uslublarini oʻzlashtirishga qaratilgan yondashuvlar eʼtiborga olinib mavzular qoʻyiladi.

Masalan, psixologik holatni nazorat qilish koʻnikmasini shakllantirish uchun “Stress va stressni keltirib chiqaruvchi holatlarni boshqarish”, “Konfliktologiya. Nizolarning kelib chiqish jarayonida nizolarni hal qilishning samarali usullari”, “Taym-menedjment. Vaqtni boshqarish, ish jarayonini toʻgʻri va samarali tashkil etish” kabi dars mashgʻulotlari olib boriladi. 2021/2022 oʻquv yilida magistratura oʻquv kursining barcha ixtisosliklariga “Sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari” va “Sud-huquq sohasidagi islohotlar” kabi yangi oʻquv dasturlari kiritildi.

Oliy maktab magistraturasiga qabul faqat oliy yuridik maʼlumotga ega 34 yoshdan kichik boʻlmagan yetti yillik ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi. Qabul kvotasi Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda belgilanadi.