Sugʼorish uchun suv olish limitlari belgilandi

    Joriy yilning 10-may kuni Vazirlar Mahkamasining “2022-yilda kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xoʼjaligi ekinlarini suv bilan ishonchli taʼminlashga qaratilgan kechiktirib boʼlmaydigan chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    - 2022-yilda Qoraqalpogʼiston, viloyatlar va tumanlarda qishloq xoʼjaligi ekinlarini sugʼorish uchun suv olish limitlari;
    - 2022-yil yozgi sugʼorish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish hamda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish tadbirlarini muvofiqlashtirish boʼyicha respublika ishchi guruhining tarkibi;
    - Suv xoʼjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan nasos stantsiyalari va vertikal sugʼorish quduqlarini ishlatish uchun 2022 yilda sarflanadigan elektr energiyasi miqdorlari;
    - 2022-yilda amalga oshiriladigan irrigatsiya tizimlari va ulardagi gidrotexnika inshootlarini, nasos agregatlari va sugʼorish quduqlarini taʼmirlash-tiklash va qurish ishlari rejasi.

    Respublika ishchi guruhining asosiy vazifalari:

    - yirik suv omborlarida suv resurslaridan foydalanishni nazoratga olish, xususan suv chiqarishni qatʼiy ravishda hokimliklarning aniq hisob-kitoblariga asoslangan talabnomalar boʼyicha amalga oshirish;
    - gidromeliorativ tarmoqlarning mavsumga shayligini taʼminlash bilan bogʼliq barcha tadbirlarning bajarilishi boʼyicha qatʼiy nazorat olib borish tizimini yoʼlga qoʼyish;
    - suvni tejaydigan sugʼorish texnologiyalarini “bir kanal - bir tizim” tamoyili asosida joylashtirish;
    - sugʼorish mavsumi davomida suv resurslaridan samarali foydalanish holatini har kuni tahlil qilib borish.