Qarorga koʻra, 2024-yil 1-sentabrdan:

  • sugʻurtaning barcha turlari boʻyicha sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali roʻyxatdan oʻtkazish va sugʻurta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi;
  • barcha sugʻurta turlari boʻyicha sugʻurta polislarini faqat qogʻoz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi;
  • sugʻurta polislarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos boʻladi hamda sugʻurtalovchi tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qoʻpol ravishda buzish hisoblanadi;
  • Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sugʻurtalovchilar tomonidan koʻrsatiladigan sugʻurta xizmatlari sifati boʻyicha sugʻurtalovchilar reytingini yuritadi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.

Quyidagilarga shartnomalarning oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini taʼminlash majburiyati yuklatiladi:

- Coliq qoʻmitasi va Transport vazirligiga ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomalarini;

- Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi yoki mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomalarini;

- Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga obyektlarni davlat mablagʻlari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sugʻurta qilish shartnomalarini.