Biroq vaqt oʻtgani sayin qiliq chiqara boshladi. Ayniqsa, birov pul uzatmasa ishini bitirmaydigan odat chiqardi. Ammo bir kun kelib pand yeyishi aniq edi…
Ish kunlarining birida Shoqayum tuman markazida yurganida “Alskom sugʻurta kompaniyasi” AJga qarashli sotuv boʻlimi xodimi Ulugʻbek Poʻlatov unga roʻbaroʻ keldi:
– Aka, bir haftadan beri siz bilan koʻrisholmayman. Anavi aytgan masalam hali ham hal boʻlgani yoʻq, nima qilamiz?
Shoqayum maktab oʻquvchilarini baxtsiz hodisalardan sugʻurta qilish haqida gap ketayotganini anglab, hayron boʻlganicha soʻradi:
– Zarif shugʻullanayotgan edi-ku bu masala bilan?
– Zarif aka sotilgan sugʻurta polislarini ham bekor qilib yubordi negadir, – dedi Ulugʻbek.
Shoqayum murojaatlar bilan ishlash boʻlimi mutaxassisi boʻlib ishlovchi xodimi Zarifning nima uchun bunday qilganini bilsa-da, oʻzini bilmaganlikka oldi.
– Nimadir sabab boʻlgandir-da shunaqa qilishiga… Buyoqda kunda mehmon, kunda turli xarajatlar… Zarif bilan qanaqa shartnoma qilgansizlar oʻzi?
– Hech qanaqa. Mudir bilan gaplashing degandi…
– Ana! Bir maslahatga kelmagansizlar! Oʻshaning uchun toʻxtab qolgan ish. Agar shartlarimizga koʻnsangiz, bu ishni hal qilamiz. Boʻlmasa xafa boʻlish yoʻq, uka! Iltimos bilan kelayotgan kompaniyalar juda koʻp…
Ulugʻbek uning nima demoqchi ekanini tushundi:
– Aka, har qanaqa shartga rozimiz. Faqat bu ish shunday qolib ketmasin, yurishtirib yuboraylik!
Shoqayum qamchini bosadigan payt kelganini anglab, ochigʻini soʻrab qoʻya qoldi:
– Tumandan qancha tushum qilishni moʻljallagansiz oʻzi?
– Yigirma millioncha… Oʻzi yigirma millionlik polislarni tumandagi maktablarga tarqatib, oʻn besh millionini yigʻib ham qoʻyganmiz…
– Unda bundoq qilamiz. Siz oʻsha yigirma millionning besh millionini oldindan berasiz. Yaqinda Rossiyadan mehmon keladi bizga, oʻshanga ishlatamiz. Shunga rozi boʻlsangiz, ertangi yigʻilishda Zarifga topshiriq beramiz, direktorlardan yigʻib beradi pulni.
Ulugʻbek rozi boʻldi. Shoqayum ovi baroridan kelayotganidan xursand boʻlganicha oʻz xonasiga borib, Zarifni chaqirtirdi.
– Haligi sugʻurta ishlari nima boʻlayapti? Bitta yigit kelib yurgandi-ku?
– Siz bir gap aytmaganingizga, yigʻilgan pullarni direktorlardan olmay turibman…
– Ertaga yigʻilishda aytaman, hamma direktorlar pulni olib kelib beradi senga. Shu ishni oxiriga yetkazib beraylik!
Shoqayum ertasi kuni tumandagi barcha maktablarning direktorlari hamda boʻlim xodimlariga yigʻilish oʻtkazib, unda asosiy masalalar kelishib olingach, oʻquvchilarni baxtsiz hodisalardan sugʻurta qilishga siyosiy tus bergan holda direktorlarga pul yigʻish boʻyicha topshiriq berdi. Albatta, bunga Zarif Qosimov masʼul ekanini aytishni ham unutmadi.
Bir haftaga qolmay pul yigʻildi. Bu orada Shoqayum Ulugʻbekka qoʻngʻiroq qildi:
– Uka, biz vaʼdani bajarib pulni yigʻib qoʻydik. Indinga sizga aytgan rossiyalik mehmonlar kelayapti. Ularning ovqati, yashashi… Xullas, ancha xarajatim bor. Kechki payt yoningizga Zarif boradi, oʻsha kuni kelishilgan pulni berib yuborasiz!
– Xoʻp, kelishdik!
Shoqayum shu zahoti Zarifni xonasiga chorladi va unga Ulugʻbek ishlaydigan kompaniya manzilini berib, kechki payt besh million soʻm pul olib kelishi kerakligini tayinladi.
Zarif aytilgan vaqtda kompaniya xodimi bilan qoʻngʻiroqlashib, uning xonasiga kirib bordi. Paketga oʻralgan pulni olib, endi tashqariga chiqmoqchi edi, qarshisida uch-toʻrt kishi paydo boʻldi-yu…
Bari chappasiga aylanib ketdi. Zarif ishtirokida tadbir davom ettirilib, Shoqayum ham oʻz uyida undan pulni olayotganida ushlandi…
Jinoyat ishlari boʻyicha Izboskan tumani sudida Shoqayum Vahobov va Zarif Qosimovning jinoyat ishi qoʻrib chiqildi. Biri pora olish, ikkinchisi vositachilik qilishga uringani uchun ozodlikdan mahrum etildi.
Rustam AZIMOV,
Andijon viloyati prokurorining yordamchisi