Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining yurt ozodligi yoʻlidagi bemisl matonati nafaqat oʻzbek xalqi orasida, balki butun dunyoda ozodlik uchun kurash timsoliga aylangan. Biz milliy qahramon deb biladigan ulugʻ ajdodimiz oʻz davrida islom olamida musulmon dunyosining qalqoni sifatida ham tan olingan.
Jaloliddin Manguberdining 1221-1224-yillarda hozirgi Pokiston hududidagi harbiy harakatlari va islom dunyosini saqlab qolish yoʻlida dushmanga qarshi janglari bu mamlakatda uning shaxsiga nisbatan iliq munosabatni shakllantirgan. Shu bois, 200 milliondan ziyod aholisining 96 foizi musulmon boʻlgan Pokistonda bugun ham Manguberdini sevishadi, ardoqlashadi.
Yaqinda poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” nashriyotida Bekzod Abdirimov va Vasim Sajjadning “Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda” kitobi oʻzbek, ingliz, urdu tillarida chop etildi.
— Ushbu kitob pokistonlik olim, doktor Vasim Sajjad bilan yaqin hamkorligimiz samarasi sifatida dunyoga keldi, — deydi “Jaloliddin Manguberdi” jamgʻarmasi rahbari Bekzod Abdirimov. — Buyuk ajdodimiz toʻgʻrisida Oʻzbekistonda ham, Pokistonda ham koʻplab ilmiy-tadqiqotlar qilingan, badiiy asarlar yozilgan, kinofilmlar ishlangan. Biroq bu jarayon ikki davlatda ayri-ayri kechgan. Boshqacha aytganda, ikki mamlakat olimlari oʻrtasida hamkorlik qilinmagan. Shu sababdan biz Pokistonda Jaloliddin Manguberdi bilan bogʻliq koʻpgina tarixiy voqealar, tarixiy obyektlar, xalq ogʻzaki ijodida uning tarixiga aloqador voqeliklardan bexabar edik. Bu kitobda shu kamchilikni toʻldirishga harakat qildik.
Sulton Jaloliddin 1221-yil noyabr oyida Hind daryosi sohilidagi jangdan soʻng daryoni kechib oʻtadi va hozirgi Pokiston hududiga qadam qoʻyadi. Bu vaqtda moʻgʻullar ham Jaloliddin Xorazmshohni taʼqib qilib, Hind daryosini kechib oʻtadi.
Sulton Jaloliddin bir tomondan moʻgʻullar taʼqibidan qutulishga harakat qilar, ikkinchi tomondan mahalliy hukmdorlarning hujumi va fitnalarini bartaraf etardi. Manguberdining fathlari Hind daryosi boʻyidagi kichik hududlarni egallashdan boshlangan boʻlsa-da, qisqa vaqtda Arab dengizigacha boʻlgan yerlar uning hukmronligi ostiga oʻtadi. Bugungi kunda Pokistonga tegishli ushbu joylar Sulton Jaloliddin bu hududlarni tark etgandan keyin ham uning tarafdorlari tomonidan uzoq vaqtgacha idora qilingan.
“Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Pokistonda” asari Manguberdining Panjob va Sind hududlariga kelishi, faoliyati va urushlari haqida hikoya qiluvchi qiziqarli tarixiy tadqiqotlarga asoslangan boʻlib, unda Jaloliddinning 1221-1224-yillardagi hayoti haqida maʼlumotlar berilgan. Shu paytga qadar ulugʻ sarkarda faoliyatidagi ushbu 3 yil haqida bizda deyarli maʼlumot yoʻq edi.
Kitob, shubhasiz, kelajakda sulton Jaloliddin hayoti haqida qilinadigan tadqiqotlar uchun yangi eshiklar ochadi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Pokiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, madaniy-maʼrifiy aloqalarning yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.