Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq rahbari Suma Chakrabarti Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda Suma Chakrabarti oʻzining Twitter sahifasida maʼlum qildi.

“Men [prezident Shavkat Mirziyoyevga] islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam berishni orziqib kutaman”, — deya yozgan Suma Chakrabarti.

Shuningdek, u Qozogʻiston Prezidenti Kasim-Jomart Tokayevning iqtisodiy rivojlanish va samarali boshqaruv masalalari boʻyicha maslahatchisi etib tayinlanganligini ham maʼlum qildi.

Suma Chakrabarti 2012-yil iyulidan 2020-yil iyuligacha YETTB prezidenti boʻlib ishlagan. YETTBni boshqarishdan oldin u Buyuk Britaniyaning Xalqaro taraqqiyot vazirligi (2002−2007) va Adliya vazirligining (2007−2012) doimiy kotibi boʻlgan.

Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni YETTB prezidenti Suma Chakrabartini qabul qilgan edi. Shuningdek, 11-iyun kuni ham prezident Chakrabarti bilan videoaloqa orqali muzokaralar oʻtkazdi va suhbat davomida yangi islohotlar yoʻli muhokama qilindi. 14-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabartini “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi.