Konstruktiv muloqot chogʻida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar va uni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Ikki Davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston va Turkmanistonning oʻzaro hamkorligi strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani hamda pandemiya va joriy etilgan karantin cheklovlari sababli jahon iqtisodiyotining pasayishiga qaramay jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

Iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Oʻtgan 3 yil mobaynida oʻzaro savdo hajmi 3 barobar oshgani va joriy yilning yanvar-iyun oylari mobaynida tovar aylanmasining oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizni tashkil etgani taʼkidlandi. Oʻzaro savdoni faollashtirish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarni amalga oshirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Qishloq xoʻjaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, tayyor toʻqimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika mahsulotlari, maishiy va qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash haqida kelishib oldilar. Unda har ikki mamlakatning aniq loyihalari va hamkorlari koʻrsatiladi.

Bundan tashqari, uchrashuvda Buxoro va Lebap viloyatlari hamda Xorazm va Dashoguz viloyatlari oʻrtasida hududlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Ikki mamlakat hududlaridagi korxonalar vakillari oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralarni oʻz ichiga oladigan qoʻshma tadbirlar oʻtkazish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida oʻzaro savdo hajmini oshirish masalalarini oʻrganish va muvofiqlashtirish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.