Qonun bilan “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga quyidagilarga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi:
- sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash;
- ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlarini aniqlashtirish.
Unga koʻra, sunʼiy intellekt – insonning bilim va koʻnikmalariga taqlid qilish, mustaqil oʻrganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui.
Insonning huquqi va erkinligiga aloqador boʻlgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emas.
Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni OAVlar, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish:
- maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (41 mln 200 ming soʻmgacha) jarima solishga sabab boʻlishi belgilandi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.