Vaksina barcha koronavirus turlariga qarshi kurashish uchun yaratilgan bo‘lib, u COVID-19ning barcha variantlarini, shuningdek hayvonlar orasida tarqalayotgan va kelajakda yangi kasalliklar avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan viruslarni ham qamrab oladi, deb xabar berdi Kazinform.
Loyiha hozircha dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, jamoa allaqachon gripp va Ebolaga qarshi kurasha oladigan alohida vaksinalarni ishlab chiqyapti.
Olimlarning tushuntirishicha, viruslarning mutatsiyaga uchrash qobiliyati sababli vaksinalar tezda eskirib qolishi mumkin. Shuning uchun COVID-19 va mavsumiy grippga qarshi vaksinalarni muntazam yangilab borish talab etiladi.
Yangi yondashuvning maqsadi — faqat mavjud shtammlarga emas, balki kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan viruslarga qarshi ham himoya yaratish orqali oldindan chora ko‘rishdir.
Odatda vaksinalar virusning mavjud shtammi asosida ishlab chiqiladi. Ushbu tadqiqotda esa olimlar epidemiologik kuzatuv dasturlari doirasida aniqlangan ko‘plab koronaviruslarning genetik ma’lumotlarini to‘pladilar. Bu genetik kodlar sun’iy intellekt tomonidan tahlil etildi.
Shundan so‘ng sun’iy intellekt vaksinaning eng muhim tarkibiy qismi hisoblangan «superantigen»ni ishlab chiqdi. U immun tizimini shunday o‘rgatadiki, natijada organizm viruslar butun oilasiga qarshi himoya hosil qila oladi — hatto ular mutatsiyaga uchrasa yoki yangi infeksiya hayvonlardan insonlarga yuqsa ham.