Surxondaryo delegatsiyasi Utokan togʻ-kon metallurgiya kombinatida vatandoshlar bilan uchrashdi

    Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami oldidan Rossiya Federatsiyasida yashab, mehnat qilayotgan vatandoshlar uchun bayram dasturini namoyish etayotgan Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Sibir federal okrugi Zabaykalskiy oʻlkasi Utokan togʻ-kon metallurgiya kombinatida ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi.

    “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari, delegatsiya rahbari J.Toʻrayev va Oʻzbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi bosh konsuli T.Rahmonovlar vatandoshlarni tarixiy sana bilan tabriklab, Yangi Oʻzbekistonda yuz berayotgan oʻzgarishlar haqida atroflicha malumot berdi.

    Surxondaryolik estrada xonandasi Vahob Nortojiyev hamda Baxtiyor baxshi Artiqovlar ijrosidagi istiqlolning 30-yilligiga bagʻishlangan bayram dasturi namoyish etildi. Xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ochiq osmon ostida dilbar kuy-qoʻshiqlarni tinglab, raqsga tushdi.

    Tadbir doirasida vatandoshlarning murojaatlari tinglanib, ularni hal etish choralari koʻrildi.