Termiz tumanidagi korxonalardan birida salkam 750 ming quti sigaretlar maxsus uskunalarda maydalab, parchalash yoʻli bilan yoʻq qilindi.
Barchaning koʻz oʻngida yoʻq qilingan 749 900 quti sigaretlar muqaddam bir guruh fuqarolar tomonidan oldindan til biriktirgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga bojxona chegarasi orqali noqonuniy ravishda olib kirilayotgan vaqtda aniqlangan edi.
Qiymati 10,2 mlrd soʻmni tashkil qiluvchi mazkur sigaretlar xorijda ishlab chiqarilgan boʻlib, respublika hududiga olib kirilgan vaqtda allaqachon ularning yaroqlilik muddati ham oʻtib ketgan ekan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sherobod tuman sudining hukmi bilan mazkur holatda aybdor deb topilgan shaxs 5-yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olingan sigaretlarning esa yoʻq qilinishi belgilandi.
Taʼkidlash joizki, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 2023-2024-yillar davomida aniqlangan 117 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 55,5 mlrd soʻmlik 3,2 mln quti tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib oʻtilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qoʻyildi.