Mamlakatimiz aholisini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan oʻsimlik yogʻi bilan taʼminlash, import hajmini keskin qisqartirish maqsadida kungaboqar, soya, masxar, raps, kunjut va zigʻir ekiladigan maydonlar hajmini oshirish bilan birga, hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib zaytun oʻsimligini plantatsiya usulida yetishtirish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratish choralari koʻrilmoqda.
Joriy yilda Surxondaryo viloyatida 500 gektar, jumladan, viloyatning Oltinsoy, Muzrabot va Uzun tumanlarining har birida 100 gektar, Bandixon, Jarqoʻrgʻon, Sariosiyo, Termiz tumanlarining har birida 50 gektar maydonda zaytun plantatsiyasi barpo etiladi.
Ushbu hududlarda 10 gradusgacha boʻlgan sovuqqa chidamli Arbusano (Italiya), Arbikino (Italiya), Manzaniya va Kolores (Ispaniya) hamda Gemlik (Turkiya) navli zaytun koʻchatlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.