Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida aholi turar joyiga ayiq kelib qolganligi haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bu xabar yuzasidan maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, shu yilning 15-may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” MFY hududiga kutilmaganda ayiq kelib qolgan. Yirtqich hayvon aholi turar joylariga kirib, insonlar hayotiga xavf tugʻdirgan. Ayiqni zararsizlantirish jarayonida yirtqich IIB xodimlaridan biriga tashlangan va jarohat yetkazgan. Shu bilan birga, 74-sonli maktab hududiga kirgan.

Holat kutilmaganda yuz bergani, ayiqning tajovuzkor harakat qilgani va maktab oʻquvchilari hayotiga xavf tugʻdirganligi sababli tezkor chora koʻrish talab qilingan va yirtqich otib oʻldirilgan. Ayiq jarohat yetkazgan IIB xodimi esa tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilmoqda.