Ularga joriy kuz-qish mavsumida 40 ming 403 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtiririlmoqda. Bu jarayonda, tabiiyki, gaz toʻldirish shoxobchalari muhim ahamiyatga ega. Viloyatda 7 ta ana shunday shoxobchalar mavjud va ularning oylik gaz toʻldirish quvvati 7 ming 800 tonnani, gaz saqlash quvvati esa 1 ming 270 tonnani tashkil etadi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yilda viloyatda har bir isteʼmolchi uchun oylik suyultirilgan gaz fondi 13 kilogrammdan 15 kilogrammga ortgan. Natijada suyultirilgan gazning mahallalarga reja-grafik asosida kirib borish muddati 40-45 kundan 35-30 kunga qisqargan.
“Kundaijuvoz” va “Chosh” qishloqlari Sariosiyo tumanining eng chekka hududlaridan hisoblanadi, viloyat markazidan 250-300 kilometr uzoqda joylashgan. Ushbu manzillarda yashovchi aholi esa faqat suyultirilgan gazdan foydalanadi.
Maishiy gaz ballonlar avval “Toʻpalang” suv ombori orqali qayiqda, soʻngra togʻlarga moslashgan avtomashinalarda aholiga yetkazib berilmoqda. Shu vaqtgacha boʻshagan gaz ballonlar yigʻib olinib, oradan 2-3 kun oʻtgach, toʻldirilib olib kelingan boʻlsa, endi jadval asosida gaz ballon yigʻib olinadi va shu zahotiyoq boshqa toʻldirilgani berilyapti. Bundan togʻliklar ham mamnun.
Yana bir maʼlumot 2021-yildan boshlab har bir isteʼmolchi “ID” karta bilan taʼminlanib, maishiy gaz ballonlarga maxsus bar-kodli yorliqlar biriktirildi va hisob-kitob tizimi toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Jumladan, 2021-yilda 450 ming nafarga yaqin aholiga “ID” karta tarqatildi va 576 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlarga maxsus stiker yopishtirildi. Joriy yilda ham 22 ming nafar isteʼmolchiga “ID” karta tarqatilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, shakllantirilgan “E-Gaz” dasturi orqali viloyatdagi barcha isteʼmolchi va maishiy gaz ballonlar roʻyxatga olingan. Bu esa kimdir belgilangan meʼyordan ortiqcha gaz olishi yoki ololmay qolishi kabi holatlariga barham berayapti.