Soʻnggi yillarda viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanib, investorlarning hududga qiziqishi tobora ortmoqda.

Oʻtgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trillion soʻmga yetdi. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4 ming 820 taga yetkazilib, 18,8 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqardi. 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi. Dunyoning 37 davlatiga 483 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.

Davlatimiz rahbariga taqdimot qilingan loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Uy-joy qurilishi, togʻ-kon sanoati va geologiya, yengil sanoat, oziq-ovqat, energetika, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, taʼlim, xizmat koʻrsatish hamda turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.

Umumiy qiymati qariyb 1,6 milliard dollar boʻlgan loyihalar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, Moʻgʻuliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari investorlar bilan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, togʻ-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat koʻrsatish va turizm sohalarida yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.

Jumladan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va mahalliy investorlar ishtirokida 741 million dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirildi.

Shuningdek, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Afgʻoniston davlatlari bilan hamkorlikda 6 milliard 300 million dollarlik 31 ta loyiha boʻyicha qurilish ishlari boshlandi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish oʻrni yaratish, 82 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 1 milliard 400 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi.