Surxondaryoda dastlabki qovunlar pishdi

    Maʼlumotlarga koʻra, shu yilning 2-mart kuni ekilgan urugʻlardan bugungi kunga kelib 7–8 tonna atrofida hosil olinmoqda.

    Qayd etilishicha, yurtimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini erta yetishtirish boʻyicha yetakchi hududlardan biri hisoblangan Surxondaryo viloyatida navbatdagi mavsumning ilk qovunlari pishib yetildi.

    Har yili erta bahordan boshlab mamlakatimiz bozorlarini turli sabzavot va poliz mahsulotlari bilan taʼminlab kelayotgan voha dehqonlari joriy yilda ham faoliyatini samarali tashkil etishga erishmoqda.

    Xususan, Sherobod tumanining “Nurtepa“ mahallasida joylashgan “Yormat Botirov“ MCHJ tomonidan 8 gektar maydonda, anorzor qatorlariga ekilgan “Dakara“ navli qovunlar pishib, yigʻim-terimga tayyor boʻldi.

    Ayni paytda pishib yetilgan qovunlar mahalliy bozorlarga chiqarilmoqda va bir vaqtning oʻzida eksport jarayonlari ham boshlab yuborilgan.