Surxondaryoda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda Surxondaryo viloyatida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Muzrabot tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro M.R. oʻziga tegishli novvoyxonada tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 160,1 mln soʻmlik tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Shuningdek, Departamentning Oltinsoy tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “J.I.” MCHJ rahbari H.Q. aholiga suyultirilgan gaz tarqatish shoxobchasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 62,9 mln soʻmlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.