Yangi tartibga koʻra, viloyatdagi avtomaktablarda mavjud sharoitlar yetarli sharoitlar yetarli boʻlmaganligi sababli litsenziya berilmagan. Natijada fuqarolar haydovchilik imtihonini topshirish uchun Qashqadaryo viloyatiga borishga majbur boʻlishar edi. Endi esa mazkur muammo oʻz yechimini topdi.
Yangi markaz bir kunda nazariy jihatdan 800 nafar, amaliy jihatdan esa 400 nafar nomzoddan imtihon olish imkoniyatiga ega. Barcha jarayonlar inson omilisiz, avtomatlashtirilgan elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Umumiy maydoni 3 gektar boʻlgan avtodrom zamonaviy talablarga javob beradigan oʻquv xonalari, barcha toifadagi transport vositalari uchun moslashtirilgan sinov yoʻlaklari hamda zarur infratuzilmalar bilan jihozlangan.
Imtihonlar A, B, C, D, BE, CE va DE toifalari boʻyicha oʻtkaziladi. Shuningdek, markaz nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun ham qulay sharoitlar va mos avtotransport vositalari bilan taʼminlangan.
Yangi imtihon markazining ishga tushirilishi natijasida aholi boshqa hududlarga borib sarson boʻlishdan xalos boʻladi, haydovchilik guvohnomasi olish jarayoni esa yanada qulay va shaffof tarzda amalga oshiriladi.