Maʼlum qilinishicha, hokim yordamchisi oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda 1996-yilda tugʻilgan fuqaroning ishonchiga kirgan. Mansabdor tanishlari orqali tuman hokimligi zaxirasidagi 2,5 gektar sugʻoriladigan yer maydonini 30-yil muddatga ijaraga olib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga 29 mln soʻm talab qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u bu pul mablagʻini “Oʻzdaverloyiha” ilmiy loyihalash institutining “Survilerloyiha” boʻlinmasi muhandisi hamda Sariosiyo tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi shuʼba boshligʻiga berishi kerakligi maʼlum boʻldi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, muhandis va shuʼba boshligʻi ushbu pul mablagʻini olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.









