Vazirlar Mahkamasining “2022—2026-yillarda Surxondaryo viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori (245-son, 10.05.2022 y.) qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

▪️ 2022—2026-yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning shahar va tumanlar kesimidagi maqsadli ko'rsatkichlar parametrlari;

▪️ aholini qiynab kelayotgan mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hamda amaliy tadbirlarni o'z ichiga olgan “yo'l xaritasi”;

▪️ viloyat shahar va tumanlarining ixtisoslashuvi, “o'sish nuqtalari” va “drayver sohalari”;

▪️ sanoat, qishloq xo'jaligi va xizmat ko'rsatish sohalarini rivojlantirish bo'yicha investitsiya loyihalarining yig'ma parametrlari;

▪️ 2022-yilda viloyatda muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish infratuzilmasini rivojlantirish hamda ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash bo'yicha kompleks tadbirlar;

▪️ viloyatning shahar va tumanlarida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha shakllantirilgan istiqbolli loyihalarning manzilli ro'yxati.

Kompleks dasturga asosan Surxondaryo viloyatida 2022—2026-yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmi 1,7 baravar, sanoat mahsulotlari hajmi 1,9 baravar, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 1,2 baravar, xizmatlar hajmi 2,3 baravar hamda qurilish ishlari hajmi 1,7 baravarga oshiriladi.