Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi bugun Surxondaryoda ham “Kitobxon millat” shiori ostidagi II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlariga start berildi.
Shu munosabat bilan bugun Termiz shahridagi muhtasham Sanʼat saroyi bogʻida Haftalikning ochilish marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va marifat markazi Surxondaryo viloyat boʻlimi, davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalari vakillari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, sanʼatkorlar, kitobxonlar, yoshlar ishtirok etdi.
Shoir va yozuvchilarning kitobxonlar bilan uchrashuvi, kitoblar koʻrgazmasi, kitob savdo yarmarkasi, rassomchilik asarlari, hunarmandchilik, kashtachilik, zardoʻzlik mahsulotlari, noyob eksponatlar namoyishi yigʻilganlarda katta taʼassurot qoldirdi.
Joriy yilning 23-apreliga qadar davom etadigan Haftalik doirasida viloyatdagi axborot-kutubxona markazlari mehnat jamoalari, taʼlim muassasalari, mahallalarda kitob yarmarkalari, oilalarga kitob ulashib aksiyalar, davra suhbatlari, taqdimotlar, tanlovlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan, deb yozmoqda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi telegram kanali.