Surxondaryoda koʻp yillik chinor daraxtini kesganlar jarimaga tortildi

    Surxondaryo viloyatining Denov tumanida Chinor daraxtini sotish uchun kesgan fuqarolar tabiatga 111 million 520 ming soʻm zarar yetkazdi.

    Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Shu yilning 11-aprel sanasida Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hududida joylashgan “Chak-chak” mobil Yoʻl patrul maskanida kunduzgi soat 12:00 da Surxondaryo viloyati Denov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N. Sh boshqaruvidagi “FAV” rusumli davlat raqami 75 263 BBA boʻlgan yuk avtomashinasi Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tuman Ekologiya boʻlimi hamda Yoʻl patrul xizmati xodimlari tomonidan toʻxtatiladi.

    Mashina tegishli tartibda tekshirilganda yukxonasida har xil oʻlchamdagi chinor daraxtlarining kundalarini noqonuniy ravishda olib ketayotgani aniqlanib, surishtirilganda haydovchi daraxtni Surxondaryo viloyati Denov tumanidan olib kelayotganini aytadi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi holat boʻyicha mavjud maʼlumotlarni Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasiga taqdim etildi.

    Mazkur holat boʻyicha oʻrganish ishlari davomida chinor daraxtini Denov tumani “Oʻrta qishloq” mahallasida yashovchi fuqaro Q. A tumanning “Qiziljar” mahallasida yashovchi fuqaro I. A bilan hamkorlikda “Oʻrta qishloq” mahallasida mavjud boʻlgan tana oldi diametric 102 sm boʻlgan, oʻsuvchanligini yoʻqotmagan Chinor daraxtini noqonuniy ravishda kesib, ildizi bilan qoʻporib olgani, bu ishni daraxt kundalarini sotib moʻmay daromad topish maqsadida sodir etganligi maʼlum boʻldi.

    Maʼlumotlarga qaraganda, kesilgan chinor daraxtini yaxshigina pullamoqchi boʻlgan shovvozlarga Denov tumani “Qiziljar” mahallasida yashovchi fuqaro A. R baland narxda sotib oladigan xaridor topishda yordam beradi va ana shunday xaridorni tez orada topib beradi. Xaridor Fargʻona viloyati Buvayda tumani “Qoratepa” mahallasida yashovchi fuqaro M. Oʻ edi. Fuqaro M. Oʻl chinor daraxtini 19 million 900 ming soʻmga sotib olishini aytgan va tezda pulini toʻlab bergan.

    Shunday qilib, diametri 102 sm boʻlgan chinor daraxti ortilgan yuk mashinasi 9-aprel sanasida Fargʻona viloyatiga joʻnatilgan. Ammo qoʻshtirnoq ichidagi qahramonlar maqsadiga yetolmadilar. Daraxt kushandalarining noqonuniy harakatiga Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat IIB hamda Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan chek qoʻyildi.

    Hozirda holat yuzasidan fuqaro Q. A ga daraxtni kesganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79 moddasi 1 qismiga binoan BHMning 25 barobari – 8 million 500 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.

    Bundan tashqari holat oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar 111 million 500 ming soʻmni qoplash majburiyati yuklatildi.