Surxondaryoda “Lasetti” gaz quvuriga borib urildi

    Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida harakatlanib ketayotgan “Lasetti” rusumli transport vositasi haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, qaz quvuriga borib urilishi oqibatida tumandagi 2 mingga yaqin xonadon gazsiz qoldi.

    Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 24-sentyabr kuni soat 21:40 da Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani, “Darband” mahallasi hududidagi diametri D-219 mm boʻlgan gaz quvuriga haydovchi boshqaruvni yoʻqotgan avtomobilning kelib urilishi natijasida quvurdan gaz sizib chiqqan.

    Ushbu avariya holatini bartaraf etish maqsadida tumandagi ayrim isteʼmolchilar (1 915 ta xonadon)ga tabiiy gaz yetkazib berilishi vaqtincha toʻxtatilgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, ushbu nosozlikni bartaraf qilish uchun hududga maxsus brigada jalb etildi va avariya oqibatlari 25-sentyabr kuni soat 18:11 da toʻliq bartaraf qilinib, isteʼmolchilarga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich tiklangan.