Sariosiyo tumanining “Sarijar” mahallasida yashovchi fuqaro Erkin Tulakov hovlisi hududida issiqxona qurish uchun yer kavlayotgan paytida taxminan yarim metr chuqurlikda katta xum gardishiga duch keladi.
Qazish ishlarini davom ettirib, ushbu gardish balandligi taxminan 1.50-1.60 metr boʻlgan, butun saqlangan bir dona ulkan xum ekanligiga guvoh boʻladi. Topilma yuzasidan Surxondaryo viloyati madaniy meros boshqarmasiga xabar qilinadi.
Viloyat madaniy meros boshqarmasi hamda Termiz arxeologiya muzeyi mutaxassislari tomonidan ushbu xum atrofida olib borilgan arxeologik kuzatuv ishlari natijasida bu yerda yana uch dona xum mavjudligi aniqlandi. Barcha xumlar zarar yetkazilmagan holda qazib olindi.
Dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra, xumlarning ikki donasi milodiy IX-XIII asrlarga, yana ikkitasi XIV-XVI asrlarga oid ekanligi taxmin qilinmoqda.