Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu bemorlar bilan suhbatlashib, ularning samimiy taassurotlarini yozib oldi.
“Gemodializ muolajasini oʻylasam, yuragim orqaga tortadi”
Surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan bemorlarning kun tartibi, hayot sifati boshqa bemorlarnikidan tubdan farq qiladi. Ularning aksariyati gemodializ muolajasini olib yurishga majbur.
Muzrabot tumani Muzrabot darvoza mahallasida yashovchi 27 yoshli Fayzullo Choriyev ana shunday bemorlardan biri edi. Garchi, yosh boʻlsa-da, gemodializ olish uni ancha holdan toydirgandi. Toʻgʻri-da, har uch-toʻrt kunda 4-5 soatlik ogʻir muolaja har qanday insonni qiynashi aniq.
Shundan soʻng butunlay sogʻayib ketsangu xoʻp-xoʻp, ammo kasallik yana qayta bezovta qilaversa, tushkunlikka tushib qolish hech gap emas.
Quvonarlisi, Surxondaryo viloyatida boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi Fayzulloga oʻxshagan qanchadan qancha bemorlarning ogʻir darddan butunlay sogʻayishi uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.
— Bundan toʻrt-besh oy avval qon bosimim koʻtarilib, boshim qattiq ogʻiriydigan boʻlib qoldi, — dedi F. Choriyev. — Hatto, ogʻriqning zoʻridan toʻshakka mixlanib qoldim. Gemodializ olishni oʻylasam, hali ham yuragim orqaga tortadi.
Bu orada Toshkentdagi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordik. Tibbiy tekshiruvlardan soʻng menda oʻtkir buyrak yetishmovchiligi aniqlandi.
Shifokorlar zudlik bilan operatsiya qilish lozimligi, buning uchun donor kerakligini aytishdi. Biroq ushbu amaliyot juda qimmat ekanligidan xabar topgach, chorasizlikdan nima qilishni, qayerdan najot kutishni bilolmay qoldim.
Viloyatimizda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi esa qalbimga yana umid bagʻishladi. Poytaxtdan kelgan malakali jarrohlar ikki kun avval menga buyrak koʻchirib oʻtkazishdi.
Hozir oʻzimni yaxshi his qilyapman. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana sogʻlom hayotga qaytarkanman. Buning uchun ularga, qolaversa, menga bir buyragini bergan jon jigarim — mehribon akamga oʻz minnatdorlik bildiraman.
“Norgʻuldek oʻgʻlingni kasallikdan soʻlib borayotganini koʻrish ogʻir”
Viloyatda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida angorlik 35 yoshli Abdulla Toʻrayevda ham murakkab buyrak koʻchirish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Donor ham begona emas — unga otasi, 62 yoshli Toji Toʻrayev bir buyragini berdi.
— Koʻz oldingda norgʻuldek oʻgʻling darddan soʻlib borayotganini koʻrish ogʻir, — dedi T. Toʻrayev. — Shukr, barchasi ortda qoldi. Nasib boʻlsa, tez kunda farzandim yana sogʻlom hayotga qaytadi. Buning uchun tibbiyot xodimlaridan minnatdorman.
Shifokorlarning taʼkidlashicha, ushbu bemor bir necha yil gemodializ muolajasi yordamida davolanib kelgan. Ayni vaqtga kelib tashxis terminal bosqichga oʻtgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti tavsiya etilgan.
Hozir bemor A.Toʻrayev transplantolog mutaxassislar tibbiy kuzatuvi ostida boʻlib turibdi. Uning buyrak faoliyati tiklanishida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, bemorga donorlik qilgan otasi T.Toʻrayevning salomatligi ham kundan kun yaxshilanib boryapti.
Surxondaryoda sogʻlomlashtirish aksiyasi davom etmoqda.