Guruh aʼzolari asosan sportning turli yoʻnalishlari bilan shugʻullanuvchi yoshlardan tashkil topgan boʻlib, ular oʻzlarini hududdagi “muammolarni hal qiluvchi” shaxslar sifatida koʻrsatishga urinishgan.

Guruhga 1998-yilda tugʻilgan Sunnatillo Xolmurodov yetakchilik qilgan. Uning tarkibida Elbek Karimov, Asliddin Ibodov (muqaddam sudlangan), Azamat Davlatov, Javohir Joʻrayev hamda Bahriddin Jumayev kabi bir tumanda yashovchi shaxslar boʻlgan.

Jinoiy guruhning navbatdagi qonunbuzarligi Denov tumani tez tibbiy yordam boʻlimida yuz bergan. Maʼlum boʻlishicha, “Skoda” va “Kia” rusumli avtomashinalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisasidan soʻng, guruh aʼzolari shifoxonaga yetib borishgan. Ularning maqsadi “Skoda” haydovchisi boʻlgan tanishidan xabar olish hamda ikkinchi tomon — “Kia” haydovchisiga jismoniy bosim oʻtkazish boʻlgan.

Shifoxona hududida jamoat tartibini qasddan buzib, bemorlar va shifokorlarning tinchini buzgan ushbu shaxslar, 2025-yil 6-yanvar kuni tibbiyot xodimi va jabrlanuvchiga tan jarohati yetkazishgan.

Hozirda guruh aʼzolari — S. Xolmurodov, E. Karimov, B. Jumayev, A. Davlatov va J. Joʻrayevlar ushlanib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.