“Agrofirma Shoʻrchi” masʼuliyati cheklangan jamiyati negizida tashkil etilgan yangi korxonaga 1 milliard 122 million soʻm bank krediti ajratildi. Bank qoʻllab-quvvatlovi hamda tashabbuskorning oʻz mablagʻlari hisobidan xorijdan qariyb 4 milliard 600 million soʻmlik energiya tejamkor zamonaviy tegirmon kompleksi olib kelib oʻrnatildi.
Hozirda bu yerda 45 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlangan. “Uygʻun” va “Kushon” brendlari ostida bir oyda 1350 tonna un, 450 tonna omuxta yem mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxona yiliga 20 ming tonnagacha un va un mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
– Qoʻshimcha faoliyatni rivojlantirish va yangi ish oʻrni yaratish maqsadida non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni ham maqsad qilib, Turkiyadan 550 million soʻmlik yana bir zamonaviy texnologiyalar olib keldik, – deydi jamiyat ish boshqaruvchisi R.Nurullayev. – Bu uskunalar kuniga 2,5 ming dona qolipli non va 500-800 kilogramgacha qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yaqin kunlarda non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni boshlasak, yana 10 nafar xotin-qizlar bandligini taʼminlaymiz.
Ish faoliyatini boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsa-da, korxonada ishlab chiqarilayotgan “Uygʻun” va “Kushon” unlari oʻz xaridorlarini topib ulgurdi. Aksariyat isteʼmolchilar sifati xorijnikiga teng, ammo arzon bu mahalliy mahsulotni tanlay boshladi.