Uning bildirishicha, bir erkak tanishi boʻlgan ayolning nomaʼlum shaxs bilan yaqin munosabat aks etgan videotasvirlarini telefonida saqlayotganini aytib, ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali qarindoshlari va tanishlariga tarqatish bilan tahdid qilgan.

Shu yoʻl bilan u videolarni oʻchirish va tarqatmaslik evaziga 6 000 AQSH dollari talab qilgan, avvaldan esa 3 000 dollar berishni soʻragan.

Murojaat asosida Surxondaryo viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati, Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, shuningdek tuman IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida ariza muallifiga xolislar ishtirokida talab qilingan 3 000 AQSH dollari oʻrniga 1 000 dollar va 18 million soʻm miqdoridagi pul vositalariga maxsus kimyoviy ishlov berildi. Fuqaro koʻrsatmasiga koʻra, ushbu mablagʻlar belgilangan manzildagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida qoldirildi.

Pulni olish uchun kelgan shaxs tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Mazkur holat yuzasidan 11-fevral kuni Denov tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ayni vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.