Surxondaryoda zamonaviy ekoturizm majmuasi barpo etiladi

    Turizm 25 Avgust 2025 1032

    Loyiha qiymati — 140 milliard soʻm.

    Surxondaryo viloyatidagi togʻli hududlar, suv omborlari, daryo sohillari va koʻllarda tabiatga zarar yetkazmagan holda ekoturizm infratuzilmasi rivojlantirilmoqda.

    Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Janubiy Surxon suv ombori” hududida 15,7 gektar maydonda yirik turistik majmua qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati — 140 milliard soʻm. Unga koʻra:

    • zamonaviy kottej uylari, basseyn, avtoturargoh va avtomobil yuvish shoxobchalari;
    • savdo va umumiy ovqatlanish maskanlari, suv usti ayvonlari;
    • sport va bolalar maydonchalari, piyodalar yoʻlaklari;
    • baliqchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

    Shu bilan birga, oqova suvlarni tozalash tizimi joriy qilinib, ekologik talablarga mos yoʻl va infratuzilma yaratilishi koʻzda tutilgan.

    Viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov suv ombori hududiga tashrif buyurib, takomillashtirilgan loyiha taqdimoti bilan tanishdi va qurilish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

    Maʼlumot uchun: “Janubiy Surxon” suv ombori bundan 58-yil avval ishga tushirilgan boʻlib, dengiz sathidan 408 metr balandlikda joylashgan. Suv sathi yuzasi — 65 km², umumiy sigʻimi esa 800 million m³ni tashkil etadi.