Surxondaryodagi AYOQSHda sodir boʻlgan yongʻin oqibatida payvandchi vafot etdi

    Tashvishli xabar 6 May 2021 767

    Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.

    2021-yilning 04-may kuni soat 09:30da Shoʻrchi tumani “Ozod” mahallasi hududida joylashgan MCHJga qarashli qurilishi tugallanmagan AYOQSH binosida payvandlash ishlarini olib borayotgan 52 yoshli A.Abdunazar shaxobcha hovlisida joylashgan 20-25 tonnalik (25 m3 hajmdagi) benzin va dizel yoqilgʻisini saqlash uchun moʻljallangan sisterna ustiga bir oʻzi payvandlash uskunasini olib chiqib, payvandlash ishlarini boshlagan vaqtida sisterna ichida yigʻilib qolgan gaz va havo aralashmasidan chaqnash sodir boʻlgani oqibatida yongʻin kelib chiqqan.

    Ushbu yongʻin oqibatida A.Abdunazar “butun tanasining 90-95% termik kuyishi” tashxisi bilan tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimida vafot etgan.

    Mazkur holat yuzasidan Shoʻrchi tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan MCHJ rahbari 45 yoshli I.Nuriddinga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, odam oʻlimiga sabab boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.