Surxondaryodagi maktab-internatda oʻquvchilar zaharlanishi ortidan jinoyat ishi ochildi

    Bolalar ombudsmani Sariosiyo tumani ixtisoslashtirilgan maktab internatida 2024-yil 18-yanvar kuni oʻquvchilar ovqatdan zaharlanganligi holatini oʻrganganini maʼlum qildi.

    Aniqlanishicha, mazkur maktab internatga autsors xizmati koʻrsatgan xususiy korxona tomonidan isteʼmolga yaroqsiz boʻlgan mahsulotlardan sifatsiz oziq-ovqat tayyorlanishi oqibatida 33 nafar oʻquvchi “Oʻtkir gastrit” alomatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

    Hodisa tezkor-tergov guruhi tomonidan oʻrganilishi natijasida maktab oshxonasidan olingan ayrim mahsulotlar sanitariya meʼyorlari qoidalari va gigiyena normalari talablariga javob bermasligi hamda oshxona jihozlaridan foydalanish tartib qoidalariga rioya qilinmaganligi, bu esa bolalar oʻrtasida yuqumli oshqozon ichak kasalliklari bilan kasallanishiga olib kelganligi aniqlandi.

    Mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tuman prokuraturasi tomonidan 26.01.2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasi JKning 186-moddasi 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.