Yoʻllarning qor bilan qoplanishi oqibatida mahalliy aholining tuman markazlaridagi bozorlarga chiqishi va kundalik ehtiyoj mollarini xarid qilishi muammoga aylandi.

Muammolarga duch kelgan fuqarolar murojaati eʼtiborsiz qolmadi. Viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimovning topshirigʻiga binoan, Oltinsoy, Boysun, Uzun, Denov, Sariosiyo va Sherobod tumanlari rahbarlari chekka hududlarga yoʻl olib, aholiga oziq-ovqat va boshqa zaruriy yordamlarni yetkazib berildi, deb yozadi hokimlik axborot xizmati.

Xususan, viloyat rahbari shaxsan Oltinsoy tumanidagi Katta Vaxshivor mahallasida boʻlib, aholi holidan xabar oldi. Soʻfi Olloyor ziyoratgohida tashkil etilgan uchrashuvda fuqarolarga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Shuningdek, boshqa tumanlarning borish qiyin boʻlgan qishloqlarida sayyor qabullar oʻtkazilib, bozorlarga borish imkoni boʻlmagan aholi uchun maxsus koʻchma savdo nuqtalari tashkil etildi.

Tadbirlar davomida faqat moddiy yordam emas, balki infratuzilma masalalari ham koʻrib chiqildi. Sherobod tumanining Hamkon qishlogʻi aholisidan tushgan maktab binosi boʻyicha murojaat joyida oʻrganilib, eski binoning tom qismi qulaganiga qaramay, oʻquv jarayoni yangi maktabda davom etayotgani maʼlum qilindi. Mutasaddilar ob-havo yaxshilanishi bilan eski binoni taʼmirlashga vaʼda berishdi. Ayni paytda togʻli hududlardagi yoʻllarni qordan tozalash va aholi bilan doimiy muloqot tizimi yoʻlga qoʻyilgan.