Qarorga muvofiq, suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻulash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va oʻrnatishga davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.

Subsidiyalar quyidagi shartlarda ajratiladi:

- qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda;

- aholi tomorqa yerlarini sugʻorish uchun chuqurligi 10 metrdan ortiq boʻlgan har bir vertikal quduqni burgʻulash va ishga tushirish xarajatlariga quduqning har bir metr chuqurligi uchun 100 ming soʻmdan, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda;

- kamida 30 ta aholi tomorqa yerlarini sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻulash va ishga tushirish xarajatlarining 70 foizi, biroq 120 mln soʻmdan oshmagan qismi qoplanadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.