Vazirlar Mahkamasining 19.08.2024-yildagi “Ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 517-son qarori qabul qilindi.
Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra:
- yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uylarning sovuq suv hisoblagichlari kvartira tashqarisida (zinapoyalar, yertoʻlalar va boshqa qismida) oʻrnatilgan holatlarda hisoblagich va plombalarni saqlash boʻyicha javobgarlik ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari zimmasiga yuklanadi;
- ilgari I guruh isteʼmolchilari, boʻnak tariqasida, kommunal xizmatlar uchun 12 oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻlovlarni avvaldan amalga oshirib qoʻygan boʻlsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflar (shuningdek, maxsus ustama miqdori)ning oʻzgarishi tufayli toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlardan ozod etilgan boʻlsalar, endilikda ushbu davr 2 oyni tashkil etadi.
Maʼlumot uchun: I guruhga — xususiy uy-joylarda va koʻp kvartirali uydagi xonadonlarda yashaydigan jismoniy shaxslar kiradi.
Shuningdek “Xorazm viloyatida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish” va “Namangan viloyatida suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihalari va xududlardagi boshqa loyihalar muddatlari uzaytirilmoqda.
Maʼlumot uchun: 2018-yilda ushbu ikki loyihani amalga oshirish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 120 mln AQSH dollari qarz olish toʻgʻrisida kelishuv imzolangan boʻlib, ushbu loyihalarni amalga oshirishning dastlabki muddati 4-yilni tashkil etgan (2019-2022-yillar).
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 20.08.2024-yildan kuchga kirdi.